Xorazmda Latviyalik ish beruvchilar ishtirokida yuk mashinasi haydovchilari uchun amaliy imtihonlar boshlandi
Bugun, 31-iyul kuni Xorazm viloyatida Yevropada ishlash istagida bo‘lgan yuk mashinasi (trak) haydovchilari uchun mas’uliyatli va muhim sinov jarayonlari start oldi.
Imtihonlar Latviyadan tashrif buyurgan xorijiy ish beruvchilar hamda mutaxassislar ishtirokida bevosita o‘tkazilmoqda. E’tiborlisi, ushbu tanlovda ishtirok etish uchun nafaqat Xorazm viloyati, balki Buxoro va Nukus shahridan ham tajribali haydovchilar yetib kelishgan.
Test-drayv qanday o‘tmoqda?
Amaliy imtihon davomida nomzodlarning kasbiy mahorati qat’iy sinovdan o‘tkazilmoqda. Xususan, haydovchilardan quyidagi murakkab elementlarni bajarish talab etilmoqda:
- Tirkamali yuk mashinasini (furani) zigzag usulida belgilangan ramkaga (qo‘yish joyiga) orqaga tisarib kiritish;
- 45 va 90 gradusli burchak ostida to‘g‘ri harakatlanish va parkovka qilish;
- Katta hajmli yuk mashinasida aylanma harakatni (krug) xavfsiz va qoidalarga muvofiq amalga oshirish.
Tanlovda o‘z amaliy ko‘nikmalarini muvaffaqiyatli namoyish etgan nomzodlar Yevroittifoq hududida, xususan, Latviyaning yetakchi transport korxonalarida qonuniy va kafolatlangan ish o‘rniga ega bo‘lishadi.
Nomzodlar uchun yaratilgan qulayliklar:
- Imtihon xarajatlari qoplanadi: “Getwork” XBA o‘z an’anasiga muvofiq, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan haydovchilarning barcha imtihon to‘lovlarini o‘z hisobidan to‘lab beradi.
- Qonuniy va rasmiy ish: Yevropada rasmiy shartnoma asosida, yuqori maoshli ish bilan ta'minlanadi.
Imtihon jarayonlari 1-avgust kuni ham davom etadi.